“Avto sarguzashtlar“ milliy multfilmining premyerasi bo‘lib o‘tdi

“Avto sarguzashtlar“ milliy multfilmining premyerasi bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra, “Astir animation studio” studiyasi tomonidan suratga olingan 3D formatdagi “Avto sarguzashtlar” animatsion filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.

”O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov mazkur filmning ishlanishi bolajonlar uchun kutilgan, ham kutilmagan voqelik bo‘lganini ta’kidladi. Negaki, milliy animatsion filmlarni o‘zbek tomoshabinlari, ayniqsa, jajji o‘g‘il-qizlar intiqlik bilan kutgan bo‘lsa, yangicha, ilg‘or formatda ishlangan animatsion kartina o‘zining yuqori tasviriy sifati, texnikaviy effekti bilan multfilmsevar bolalar uchun chinakam tuhfa bo‘ldi.

Yangi animatsion filmni yaratishda iste’dodli rassom, prodyuser, texnik ijodkor yoshlari faol hissa qo‘shgani e’tiborga molikdir. Kartinada kichkintoy Matiz’chaning sarguzashtlari, orzu-intilishlari quvnoq, zavqli va qiziqarli, hayotiy tarzda ifoda etilgan.

Yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish barchaning burchi ekani bilan birga o‘zgalarga xayrixohlik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, halollik kabi chin insoniy fazilatlar turli qiziqarli voqealar vositasida aks ettiriladi.

Filmni sahnalashtiruvchi rejissor Abdulatif Haydarov, ssenariy muallifi — Ismoil Shomurodov. Zilola Hamidova, Jasurbek Bo‘tayev singari sahnalashtiruvchi rassomlarning ilg‘or innovatsion yondashuvi yangi kartinaga jozibadorlik bag‘ishlagan. Kompozitor Aleksey Izvolskiy bastalagan quvnoq qo‘shiqni “Tomosha” bolalar badiiy jamoasi mahorat bilan ijro etgan. Kartinada yangragan she’rlar muallifi — Kavsar Turdiyeva

Orqaga