ASSALOM, NAVRO’ZI OLAM!
Abdulatif Haydarov,
“Astir animation studio” bosh direktori
Aziz do‘stlar!
Qadrli hamkasblar!
Yurtimizga butun tarovati, go‘zalligi bilan fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Tabiatda yasharish va yangilanish mavsumini boshlab beradigan bu maftunkor fasl betakror bayramlari bilan yanada fayzli, jozibali va qalbimizga yaqindir. Sizlarning barchalaringizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, deya ezgu niyatlarimni izhor etaman. Zero, ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi. Serquyosh diyorimizda Navro‘z ayyomining keng nishonlanayotgani ham buni yorqin isbotlab turibdi. Navro‘zning ijtimoiy hayotimizda o‘ziga xos alohida o‘rni, ahamiyati bor. Kecha bilan kunduz tenglashib, tabiatda uyg‘onish boshlanadigan Navro‘z xalqimizning boy ma’naviy merosi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bu umumxalq bayramining uch ming yillikdan ko‘proq tarixga ega ekanligi ham Sharq xalqlarining jahon sivilizatsiyasida katta o‘rin tutganligining nishonasi sifatida qalbimizda cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Studiyamiz ahil jamoasi bahor bayramini ishchanlik ruhida kutib olmoqda. Jamoamiz ushbu bayramga alohida tayyorgarlik ko’rish barobarida, bolajonlarimiz uchun ham sovg’a (yangi multfilm) tayyorlamoqda. Ushbu multfilmning g’oyasi ham aynan milliy bayramlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimizni targ’ib qiluvchi mazmunga ega.
Bayram shodiyonalari kunlarida shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, jamoa a’zolari haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ijtimoiy masalalarni hal qilish studiya rahbariyatining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Joriy yilda ana shu ezgu maqsadlar amalga oshirishilishi nazarda tutilgan. Jamoamiz a’zolari yuksak e’tiborga munosib deb o‘ylayman.
Qadrli kasbdoshlar!
Sizlarni yana bir bor bahor, yasharish ayyomi – Navro‘zi olam bilan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka, yurtimizning nurli istiqboli yo‘lida olib borayotgan ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!
Orqaga